Reuters agentligi 4 446 nafar katta yoshli amerikalikni qamrab olgan ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdi. So‘rovnoma Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘linishlar ortib borayotganini ko‘rsatdi.
Reuters so‘rovnomasida qatnashgan amerikaliklarning 57 foizi demokratiya xavf ostida deb hisoblashini aytgan. Demokratlarning har 10 nafaridan 8 nafari aynan erkinlik borasida xavflar bor deb hisoblagan bo‘lsa, amaldagi prezident Donald Trampning respublikachilaridan har 10 kishidan 4 kishi xuddi shunday javob bergan.

Manbaga ko‘ra, olti kun davom etgan so‘rovnomada 4 446 nafar katta yoshli amerikalik ishtirok etgan. So‘rovlar Vashingtondagi siyosiy bo‘linishlarni ochib bergan. Bu yerda respublikachilar AQSH Kongressining ikkita palatasini ham nazorat qilmoqda. Shuningdek, yana ko‘pchilik shtatlarda ham respublikachilar hukumronlik qilmoqda.
Texas va Kaliforniya gubernatorlarining qayta okruglashtirish (gerrimandering — saylovchilarni ko‘paytirish uchun chegaralarni o‘zgartirish) rejalarini so‘rovda qatnashganlarning 55 foizi, jumladan demokratlarning 71 foizi va respublikachilarning 46 foizi, “demokratiya uchun zararli” deb baholagan.
Trampning da’vati bilan Texasning respublikachi gubernatori Greg Abbott shtat qonunchilik organining maxsus sessiyasini chaqirdi. U 2026-yilgi oraliq saylovlar arafasida shtatning kongress xaritasini qayta chizish orqali respublikachilarga Vakillar palatasidagi 219-212 o‘rinli ustunlikni saqlab qolishda yordam bermoqchi.
Qayd etilishicha, AQSH Kongressiga o‘tkaziladigan oraliq saylovlarda amaldagi prezidentning partiyasi ko‘pincha yutqazadi. Bu esa Trampning amaldagi rejalarini bajarishga halaqit beradi. Kongressda demokratlarning ko‘p bo‘lishi Donald Tramp uchun yomon. U birinchi muddatida ikki marta impichment tergovlariga olib kelingan.
Kaliforniya gubernatori, demokrat Gavin Nyusom Texasning rejalariga qarshi turishga harakat qilmoqda. Gavin Kaliforniya okruglarining chegaralarini qayta chizib, demokratlarga Kongressda qo‘shimcha beshta o‘rin olib kelmoqchi. Nyusom 2028-yilgi prezidentlik saylovlarida Demokratlar partiyasining nomzodi bo‘lmoqchi.
Ta’kidlanishicha, prezident sifatida Tramp ham demokratiya me’yorlarini chetlab o‘tgan. Bunga AQSH Adliya vazirligiga siyosiy raqiblarini ta’qib qilishni buyurish, mustaqil Federal Rezervni foiz stavkalarini pasaytirishga majburlash va Vashington politsiyasini nazoratga olish kabilar kiradi.
So‘rovda qatnashgan Texas respublikachilari ko‘pchiligi shtatning qayta okruglashtirish rejasini qo‘llab-quvvatlagan. Demokratlar esa buni aldov deb atadi. Demokratik shtatlar ham shunday javob qaytarish g‘oyasini ma’qulladi.
Shuningdek, demokratlarning 46 foizi o‘z partiyasi yo‘lidan adashgan deb hisoblaydi. Respublikachilarning 19 foizi partiyaning noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini aytgan. So‘rovnoma plius-minus 3 foizgacha xato bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)