O‘zbekiston terma jamoasi Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Zakovat Asian Cup II musobaqasi g‘olibi bo‘ldi. Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva g‘alaba bilan tabrikladi.


“Kecha Bishkekda Zakovat Asian Cup II turniri yakunlandi. Unda O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari intellektual kurashda o‘zaro kuch sinashdi. Raqibimizning munosib o‘yini barcha muxlislarni biroz hayajon va xavotirga solgan bo‘lsa-da, jamoamiz uyga g‘alaba bilan qaytdi. Tabriklayman.
Ammo muhimi, bu o‘yin ikki xalqni birlashtirdi, ko‘tarinki kayfiyat inʼom etdi va chegaraning ikki tarafidan jamlangan ko‘plab odamlarni do‘stlashtirdi. Qirg‘izistonlik do‘stlarimizga samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun tashakkur bildiramiz”, deb yozgan u.


Avvalroq Saida Mirziyoyeva Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida prezident Sadir Japarov bilan uchrashgani xabar qilingandi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston prezidenti administratsiyasi rahbari – Vazirlar mahkamasi raisi Adilbek Qasimaliyev bilan uchrashuv tashkil etilgan. Muloqotlarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
Izoh (0)