Madridning “Real” klubi o‘z mahsulotlari savdosi hajmini yaxshilash uchun logotipidan hoch belgisini olib qo‘yishga ruxsat berdi. Bu haqda “Sports.ru” El Confidencial nashriga asoslanib ma’lum qildi.
Gap bunda Yaqin Sharq mamlakatlari xususida borayotgani aytilgan. Amirlik bozorida faol bo‘lgan Marka kompaniyasi “Real” mahsulotlari BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar, Kuvayt, Bahrayn va Ummon mamlakatlarida talabgir bo‘lishini ta’minlash maqsadida “Qirollik klubi”ni emblemadan hoch tasvirini olib turishga ko‘ndirgan.
Diniy sabablarni inobatga olgani holda “Real” bu taklifga rozilik berdi, deyilgan El Confidencial ma’lumotida.
“Fors ko‘rfazi mamlakatlarida hoch tasviriga jiddiy e’tibor berilishidan kelib chiqib, ehtiyotkorlik bilan harakat qilish talab etiladi”, — deb vaziyatga tushuntirish berdi Marka kompaniyasi vitse-prezidenti Xolid Al-Mheyri.
Qayd etish kerak, hoch belgisi faqatgina Yaqin Sharq mamlakatlari uchun mo‘ljallangan mahsulotlardan olib tashlangan. Klubning haqiqiy logosi esa o‘zgarishsiz qolgan.
Izoh (0)