“O‘zbekengilsanoat” AJ va boshqa bir qator ishlab chiqarish kompaniyalari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahridagi Heimtextil-2017 tekstil ko‘rgazmasida ishtirok etib, mamlakatning yengil sanoat sohasidagi eksport va investitsiya salohiyatini namoyish etdi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar bermoqda.
Heimtextil-2017 sohadagi eng yirik muntazam ko‘rgazmalardan biridir. Joriy yilda u 42-marta o‘tkazilmoqda, unda 67 mamlakatdan tashrif buyurgan 3 mingga yaqin kompaniya vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston stendi mehmonlari respublikaning paxta tolasini qayta ishlash va yuqori sifatli tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish sur’atlarini o‘stirib borayotganiga qiziqish bildirdi. Germaniya kompaniyalari vakillari O‘zbekiston yengil sanoat korxonalari bilan o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatishga tayyorligini bildirdi.
Delegatsiyaning Germaniyaga tashrifi doirasida Berlinda respublika tekstil sanoati taqdimoti bo‘lib o‘tib, unda qatnashchilarga mamlakatning iqtisodiy salohiyati, ijtimoiy-siyosiy vaziyati, bu yerda ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarga taqdim etiladigan imtiyoz va preferensiyalar yuzasidan axborot berildi.
Izoh (0)