16-yanvar kuni Chuy viloyatining So‘quluq tumanidagi “Dacha” qo‘rg‘oni hududida sodir bo‘lgan aviahalokat sabablarini o‘rganish uchun hukumat komissiyasi tuzildi, deb yozadi “AKIpress”. Tegishli qarorni bosh vazir Sooronbay Jeenbekov imzoladi.
Hukumat matbuot xizmatiga ko‘ra, qarorga muvofiq, hukumat komissiyasiga bosh vazir birinchi o‘rinbosari Muhammadqaliy Abulg‘oziyev rahbarlik qiladi.
Komissiya tarkibiga, shuningdek, respublikaning favqulodda vaziyatlar vaziri, sog‘liqni saqlash vaziri, tashqi ishlar vaziri, ichki ishlar vaziri, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi va boshqalar kirdi.
Gonkongdan Istanbulga uchayotgan Turkish Airlines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 747 yuk samolyoti 16-yanvar, dushanba kuni Toshkent vaqti bilan 6:25 da Bishkek ostonasidagi “Dacha” qo‘rg‘onidagi uylar ustiga qulagan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 35 kishi halok bo‘lgan, 15 ta uy vayron bo‘lgan, qurbonlarning 4 nafari esa samolyot ekipaji a’zolaridir.
Izoh (0)