20-yanvar kuni AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tadi. Qasamyodga keltirilgach, siyosatchi ushbu lavozimni rasman egallaydi.
Tramp allaqachon Obama davrida qabul qilingan qonunlarning 70 foizini bekor qilishga va’da berdi. Ayniqsa u va uning partiyadoshlari obamacare tashabbusiga jiddiy qarshilik ko‘rsatmoqda va bu borada Senatning ham roziligiga erishdi.
Shu munosabat bilan “RBK” Trampning saylovoldi kampaniyasida bergan asosiy va’dalarini yodga oldi.
26-dekabr kuni Trampning yelkadoshi, AQSh Kongressining sobiq spikeri Nyut Gingrich intervyularidan birida saylangan prezident Obama davrida qabul qilingan qonunlarning 70 foizini bekor qilishini aytdi.
“O‘ylashimcha, birinchi kunlarda u Obamadan meros qolgan qonunlarning 70 foizini yoki ko‘prog‘ini bekor qiladi”, — ta’kidladi siyosatchi.
Bekor qilinishi kutilayotgan tashabbuslar orasida birinchi o‘rinda tibbiyot islohoti turibdi. Oxirgi o‘n yilliklarda AQShda amalga oshirilgan eng keng miqyosli islohot Trampning partiyadoshlari tomonidan ko‘pdan buyon tanqid ostiga olib kelinadi.
Tramp obamacare’ni boshqa qonun bilan o‘zgartirishini, tibbiyot sohasini federal moliyalashtirish nazoratining katta qismini shtatlarga topshirishini aytmoqda.
Senat tibbiy islohotni bekor qilish jarayonini boshlash taklifini 12-yanvar kuni ma’qulladi. Senatorlarning 48 foizi taklifga qarshi chiqdi, 51 nafar senatorning fikricha esa, islohotni to‘xtatish zarur.
Shuningdek, Tramp Kanada, Meksika va AQSh o‘rtasidagi erkin savdo kelishuvini (NAFTA) qayta ko‘rib chiqishi hamda Transtinch okeani hamkorligi kelishuvini (TPP) bekor qilishini aytmoqda.
NAFTA import yo‘lidagi ko‘p to‘siqlarni olib tashlaydi, shu bois u Tramp tomonidan tanqid ostiga olinmoqda. Ma’lumki, Tramp AQShda yangi ish o‘rinlari yaratish hamda qayta sanoatlashtirishni o‘tkazish maqsadida import soliqlarini oshirishni, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga esa imtiyozlar berishni rejalashtirmoqda. Boshqa davlatlar bilan yengillashtirilgan import kelishuvlari esa bu siyosatga zid keladi.
Trampning dasturiga muvofiq, AQSh avtomobillari ishlab chiqarilishi yana AQShga qaytariladi. Bugungi kunda AQShning ko‘pgina yirik avtomobilsoz kompaniyalari ishchi kuchi arzon, soliqlar yengil mamlakatlarga ishlab chiqarishni olib chiqib ketmoqda. Zavodlar AQShda emas, Meksikada, Xitoyda va boshqa davlatlarda qurilayotgani bois AQShning chekka hududlarida ishsizlik darajasi ortib bormoqda.
Shu tufayli Tramp avtomobilsozlarga imtiyozlar berish yo‘li bilan ularni mamlakatga qaytarmoqchi. Jumladan, u Ford va Fiat Chrysler kompaniyalari AQShda ish o‘rinlari yaratishga rozi bo‘lgani uchun ularga minnatdorlik bildirdi, Toyota’ga esa kattaroq bojlar bilan tahdid qildi.
Tramp, shuningdek, Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashga va’da bermoqda.
O‘zining yanvar oyi boshidagi saylangan prezident sifatida bergan ilk matbuot anjumanida Tramp mazkur masalaga uzoq to‘xtaldi hamda Vladimir Putin bilan munosabatlarni yaxshilash orqali ikki mamlakatni o‘zaro yaqinlashtirishni rejalashtirayotganini tan oldi.
Uning Rossiyaga xayrixoh qarashlari tufayli ba’zi jurnalistlar siyosatchining g‘alabasini Rossiya xakerlariga nisbat berdi, ammo Tramp Rossiya bilan aloqadorligini inkor etdi.
Bundan tashqari, Tramp yadroviy salohiyatni oshirib borish tarafdoridir. U saylovoldi kampaniyasda yadroviy qurollanishni davom ettirish va modernizatsiya qilish zaruratini ta’kidlab o‘tgan edi.
Tramp “katta biznes uchun zararli” qonunlarni bekor qilmoqchi. Uning fikricha, yirik korporatsiyalar ulkan miqdorda soliqqa tortilishi mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar keltirmoqda. Soliqlardan qochib korporatsiyalar mamlakat tashqarisiga chiqib ketmoqda va boshqa mamlakatlarda arzon ishchi kuchi hamda soliq imtiyozlariga ega bo‘lmoqda.
Tramp bunday holatga chek qo‘ymoqchi. Buning uchun u birinchi galda iste’molchilarni moliyaviy himoya qilish byurosini tugatishni hamda energetik subsidiyalar sohasidagi davlat siyosatini butunlay o‘zgartirishni rejalashtirmoqda.
AQShning saylangan prezidenti AQShdan Meksikaga pul o‘tkazmalarni cheklashni yoqlab chiqmoqda. Ish o‘rinlarini muhojirlardan mahalliy aholi vakillariga olib berishga ko‘p urg‘u beradigan siyosatchi bunda o‘zining asosiy raqibi sifatida Meksikani ko‘rmoqda. Hatto Meksika va AQSh chegarasida devor qurish rejalari haqida gapirmoqda. Bunga javoban Meksika prezidenti devor uchun pul to‘lamasligini bildirdi.
Nihoyat, AQShning bo‘lajak rahbari NATO bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqmoqchi. Tramp NATOni eskirgan ittifoq deb hisoblaydi va shu munosabat bilan yevropaliklarga o‘z xavfsizligi haqida o‘zi o‘ylashini taklif qilib keladi. Shuningdek, u AQShning alyansdagi ittifoqchilarini bir necha bor tanqid ostiga olgan.
“Biz ularni himoya qilamiz, harbiy yordam ko‘rsatamiz, ular esa Qo‘shma Shtatlarni o‘maradi. Biz nima qilamiz? Hech narsa”, — deb alyansga o‘z munosabatini bildirgan edi Tramp.
Izoh (0)