Xitoy klublari jahon futboli yulduzlarini taklif qilishdan charchayotgani yo‘q. Mamlakat super ligasida esa bir necha o‘n yillardan buyon mashhur bo‘lmasa-da, mahalliy futbolchilardan bir bosh ustunroq legionerlar to‘p suradi.
2016-yilgi mavsum statistikasi ko‘rsatib berdiki, super ligada to‘purarlar ro‘yxatining dastlabki 10 taligidagi 9 ta joyni xorijlik futbolchilar band qilgan. Faqatgina “Shanxay SIPG” a’zosi Vu Lei 14 ta gol urib, ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasidan joy olgan. Xitoylik bu futbolchi 2017-yilgi mavsumdan boshlab o‘zbekistonlik Odil Ahmedovning jamoadoshiga aylanadi.
To‘purarlar ro‘yxatini mamlakat chempioni “Guanjou Evergrand” a’zosi hisoblangan braziliyalik Rikardo Gulart boshqargan. U 29 bellashuvda raqiblar darvozasiga 19 ta gol urdi va 6 ta golli pas berdi.
Yana 4 nafar futbolchi esa 14 tadan gol urdi. Yuqorida aytilgani kabi U Ley, shuningdek, senegallik Demba Ba, braziliyalik Alan Duglas Borjes, zambiyalik Jeyms Chamanga.
O‘zbekistonlik Anzur Ismoilov harakat qilayotgan “Chanchun Yatai” mavsum so‘nggida 12-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Klubning boliviyalik legioneri Marselo Moreno esa 13 ta gol ura oldi.
Yegor Krimets harakat qiladigan “Beytszin Goan” 2016-yilning ikkinchi yarmiga kelib ikki nafar hujumchi xarid qildi. Biri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Igor Sergeyev, ikkinchisi esa Turkiya termasi a’zosi Burak Yilmaz.
Mavsum so‘nggida Sergeyev ortga qaytarib yuborildi. Buning sababini to‘purarlar ro‘yxatiga boqibgina bilish mumkin. 17 ta uchrashuvda maydonga tushgan Burak Yilmaz 11 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Natijada, yarim mavsumning o‘zidayoq to‘purarlar ro‘yxatining 10 taligiga kirib oldi. Sergeyev esa bu natijaning yaqiniga ham kelmadi.
10 talikda braziliyalik Aleks Teysheyra, Elkesen, fransiyalik Eran Zaxavi, kolumbiyalik Roher Martines, senegallik Mbaye Dianye kabi nomlarni ham ko‘rish mumkin.
Osiyolik legioner futbolchilar ichidan janubiy koreyalik Yun Bit Garamning natijasi hammanikidan yaxshiroq bo‘ldi. Mavsumni 9-o‘rinda yakunlagan “Yanbyan Fude” klubi safida koreyalik futbolchi 25 ta o‘yinda 8 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Mavsumning yarmidan boshlab Xitoyga ko‘chib o‘tgan mashhurlardan italiyalik Gratsiano Pelle 13 ta o‘yinda 5 ta gol urdi. Uning jamoasi “Shandon Lunen” mavsumni 14-o‘rinda yakunladi. Xuddi shu klub safida 13 ta uchrashuv o‘tkazgan senegallik Papiss Sissening natijasi ham 5 ta gol bo‘lib qoldi.
“Zenit”dan sotib olingan Xalkning natijasi bir muncha yaxshiroq: 7 ta o‘yinda 5 ta gol. Villash-Boash qo‘l ostida to‘p surayotgan hujumchi yakunda super liganing bronza medallariga ega chiqdi.
Izoh (0)