Qirg‘iziston jamoatchilik teleradioeshittirishlar korporatsiyasi (KTRK) rahbari Ilim Karipbekov o‘zining Twitter sahifasida “KTRK Sport” telekanaliga bo‘ladigan murojaatlar masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
Rostini aytsam, “KTRK Sport” telekanali ishga tushgani uchun minnatdorchilik bildirib, o‘zbekistonlik muxlislar o‘zimiznikilardan uch marta ko‘proq telefon qiladi.Rahbarning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda sport telekanalining ishga tushishi va faoliyat olib borishiga oddiy holat sifatida qaraladi.
Biznikilar bunga xuddi shunday bo‘lishi kerakdek munosabatda bo‘ladi. Bu kanal vazifasi sifatida ko‘riladi. Sharhlovchilarning juda kichik xatosidan tortib, TV sifatiga qadar qirg‘izistonlik muxlislar tomonidan tonnalab negativ fikr bilan tanqid qilinadi.Ma’lumot uchun, “KTRK” telekanali Yevropa Chempionlar Ligasi musobaqasini uch yildan buyon qonuniy translyatsiya qilib keladi. Bir yil muqaddam esa Ispaniya La Ligasini translyatsiya qilish huquqi sotib olingan. Joriy mavsumdan e’tiboran esa Angliya Premyer-Ligasi o‘yinlari ko‘rsatila boshlandi.
Telekanalni tomosha qilish muxlislar uchun bepul. Uni DVB-T2 tyuneri yordamida chegaradosh hududlarda ham tomosha qilish mumkin. Xususan, Qozog‘iston, Xitoy, Tojikiston, Rossiya va O‘zbekistonning ba’zi hududlarida “KTRK Sport”ni tomosha qilishning imkoni bor.
O‘zbekiston tasnifida esa UzReport telekanali 1 yil muqaddam translyatsiya huquqlarini qonuniy sotib olishni boshladi va hozirga qadar Angliya Premyer-Ligasi, Ispaniya La Ligasi hamda Yevropa Chempionlar Ligasi bellashuvlarini namoyish qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
Qirg‘izistonlik muxlislardan biri Twitter’dagi post ostiga o‘zbekistonliklar qirg‘izistonliklardan uch barobar ko‘pligi inobatga olinsa, buning hech qanday tushunarsiz joyi yo‘qligini qayd etgan. Bunga javob tariqasida esa Ilim Karipbekov faqatgina o‘zbekistonlik muxlislar negativ fikr bildirmasligini va asosan minnatdorchilik izhor etishini bildirgan.
Keyinroq vodiyda istiqomat qiluvchi bir qator o‘zbekistonliklar Yevro—2016 bellashuvlarini “KTRK Sport”dan tomosha qilganliklariga iqror bo‘lgan. Musobaqaning translyatsiya huquqi UzReport tomonidan sotib olingan bo‘lsa-da, ko‘rinishidan to‘lqin Qirg‘iziston kanalida nisbatan yaxshiroq ushlagan.
Izoh (0)