O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168 — “Firibgarlik” moddasi qayta ko‘rib chiqildi. Qonunchilik palatasi tomonidan 6-oktabrda qabul qilinib, 12-oktabrda Senat ma’qullagan o‘zgartishlarni 26-dekabr kuni Prezident tasdiqladi, deb xabar qiladi “Gazeta.uz”.
Yangilangan moddaga muvofiq, firibgarlik, ya’ni birovning mulkini yoki mulk huquqini aldov yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan egallab olish eng kam oylik ish haqining 50–100 barobari miqdoridagi jarima, 2 yilga axloq tuzatish ishlari, 1–3 yilga ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ilgari eng kam oylik ish haqining 100 barobari miqdoridagi jarima, 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 6 oygacha qamoq ko‘zda tutilgan edi.
A) Katta miqdordagi (moddaning yangi bandi), b) bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirgan holda amalga oshirilgan, s) kompyuter texnikasidan foydalanilgan holda amalga oshirilgan firibgarlik eng kam oylik ish haqining 100–300 barobari miqdoridagi jarima, 3 yilga axloq tuzatish ishlari, 3–5 yilga ozodlikni cheklash yoki 3–5 yilga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ilgari buning uchun eng kam oylik ish haqining 100–300 barobari miqdoridagi jarima, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 2–5 yilga ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan edi.
Agar shu jinoyat a) yirik miqdorda, b) qaytadan yoki xavfli retsidivist tomonidan, s) xizmat mansabini suiiste’mol qilgan holda (moddaning yangi bandi) sodir etilsa, eng kam oylik ish haqining 300–400 miqdoridagi jarima, 2–3 yilga axloq tuzatish ishlari yoki muayyan huquqdan mahrum qilish bilan 5–8 yillik qamoq bilan jazolanadi.
A) yirik miqdorda, b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan, s) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaati yo‘lida sodir etilsa, eng kam oylik ish haqining 400–600 barobari miqdoridagi jarima yoki 8–10 yilga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ilgari buning uchun eng kam oylik ish haqining 300–600 barobari miqdoridagi jarima, 3 yilga axloq tuzatish ishlari yoki 5–10 yilga ozodlikdan mahrum qilish ko‘zda tutilgan edi.
Ilgarigiday, yetkazilgan moddiy zarar qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo qo‘llanmaydi.
Izoh (0)