Futbol bo‘yicha Angliya chempionati 18-turida “Manchester Yunayted” jamoasi o‘z maydonida “Sanderlend”ga qarshi bahs olib borib, 3:1 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvning 62-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan “MYu” yarim himoyachisi Genrix Mxitaryan qisqa vaqt mobaynida 3 ta golli vaziyat yaratishga, 2 kross amalga oshirishga, 2 zarba berib, 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Armanistonlik futbolchi chayon uslubidagi zarba bilan chiroyli gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Mxitaryanning o‘zi ushbu golni hayotidagi eng yaxshisi bo‘lganini aytdi.
“Bu hayotimdagi eng chiroyli gol bo‘ldi. Gol urgandan keyin yon chiziq hakamiga qaradim, lekin u bayrog‘ini ko‘tarmadi va men muvaffaqiyatni nishonlay boshladim. Zlatanning uzatmasidan so‘ng to‘p oldimga kelib tushishini kutgandim, lekin to‘p ortda qolib ketdi. Tovon bilan zarba berishdan boshqa imkon bo‘lmadi va men bu ishni bajardim”, – deb Mxitaryanning so‘zlaridan iqtibos keltiradi “Chempionat”.
Qayd etish kerakki, gol juda chiroyli chiqishi bilan birgalikda, offsayddan urildi. Buni “MYu”ning sobiq, “Sanderlend”ning amaldagi bosh murabbiyi Devid Moyes ham ta’kidlab o‘tdi.
“0:1 hisobida ortda borayotganimizda ham imkoniyatimiz bor edi, ammo ikkinchi gol dahshatli bo‘ldi. Uchinchi golni esa ‘MYu’ ‘o‘yindan tashqari holat’dan urdi”, – deb shotlandiyalik mutaxassisning so‘zlaridan iqtibos keltirdi “Chempionat”.
Ma’lumot uchun, Joze Mourinyo jamoasi navbatdagi g‘alabadan keyin ochkolari sonini 33 taga yetkazib, 6-o‘rinni egallab turibdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)