O‘zbekiston Respublikasining “Pirotexnika buyumlari muomalasi tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, xususan, ularning salomatliklari va jamoat xavfsizligini ta’minlashda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur qonunga muvofiq pirotexnika buyumlari muomalasini litsenziyalash joriy etilgan. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasi yuzasidan ma’muriy va jinoiy javobgarlikning kuchaytirilishi bojxona organlarining ham mas’uliyatini yanada oshirdi.
Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari “Moskva—Toshkent” yo‘lovchi poyezdida O‘zbekistonga kirib kelgan fuqaro F.Ahmedovning (ism-shariflar o‘zgartirilgan) qo‘l yuklarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda aytilmagan 72 dona “Super Juk” pirotexnika vositasini shokolad qutisida yashirincha olib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, boshqarma tezkor guruhi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Toshkent shahrining Olmazor tumanida pirotexnika vositalarni sotish va tarqatish bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar A.Sodiqov va A.Saidovdan jami 19 200 dona “S rojdestvom” nomli pirotexnika vositasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)