Italiya milliy terma jamoasi va Turinning “Yuventus” klubi darvozaboni Janluidji Buffon 38 yoshida ham o‘zini qariya hisoblamayotgani haqida aytib o‘tdi. Bu haqda “Chempionat” italiyalik sport jurnalisti Di Marsioning fikrlariga asoslanib yozdi.
“Men 38 yoshdaman va o‘zimni qari hisoblamayman. Hamma vaziyatdan chiqib ketish uchun imkon topishi kerak. Men ko‘plab mag‘lubiyatlarga chidadam va aytishim kerakki, mag‘lubiyatlar g‘alabaga qaraganda ko‘proq saboq beradi. Mag‘lubiyatlar meni yanada sergakroq qiladi”, — deb fikr bildirgan Buffon.
“Men mag‘lubiyatlar uchun bahona izlamoqchi emasman. Men yetarli darajada ko‘p xato qilganman va ularni tan olishdan uyalmaganman. Agar siz 10—15 yildan keyingina karyeramni yakunlashim haqida so‘ramoqchi bo‘lsangiz, aytishim mumkin bo‘lgani shu: balki 65 yoshimda faoliyatimni tugatarman”.
Ma’lumot uchun, Buffonning “Yuventus” bilan amaldagi shartnomasi 2018-yilning yozida o‘z yakuniga yetadi. Klub darvozabonga yangi shartnoma taklif qilgani borasida gap aytilmagan.
“Yuventus” A seriyaning Turinda kechgan ketma-ket 25 uchrashuvida zafar quchib, o‘z rekordini takrorlagandi. Buffon boshchiligida klub o‘sha rekordni yangilash arafasida turibdi.
Izoh (0)