Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasining 1-davrasini “Olmaliq”da o‘tkazgan hujumchi Farhod Tojiyev, 2-davra oldidan erkin agentga aylanib qolgandi. “Championat.asia” nashri ma’lumotiga ko‘ra, Tojiyev sobiq jamoasi hisoblangan Malayziyaning “T-Tim” klubi safida mashg‘ulot o‘tkazmoqda.
“T-Tim”ga birinchi tashrifidan oldin Farhod Tojiyev Toshkentning “Lokomotiv” klubi sharafini himoya qilardi. 2016-yilgi futbol mavsumi yakuni arafasida “T-Tim” “Lokomotiv”dan Temurxo‘ja Abduxoliqov va Kaxi Maxaradzeni olishi mumkinligi aytilgandi.
“T-Tim” safida o‘zbekistonlik yana bir futbolchi — Dilshod Sharofutdinov ham to‘p suradi. Farhod Tojiyev klub bilan rasman shartnoma imzolasa, unda o‘zbekistonliklar soni ikki nafarga yetadi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi mavsumni “Andijon” safida o‘tkazgan Pavel Smolyachenko ham “T-Tim” safida sinovda bo‘lib turgandi. U o‘rtoqlik o‘yinlarining birida gol urishga ham erishgan. Klub, shuningdek, Rossiya milliy terma jamoasi sobiq hujumchisi Dmitriy Sichevni ham sinab ko‘rayotgandi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori hisoblangan Odil Ahmedov ham tez orada jamoasini almashtirishi mumkin. “Krasnodar” futbolchisi ayni vaqtda Xitoyning “Shandong Luneng” klubi bilan muzokara olib bormoqda.
Izoh (0)