O‘zbekiston Boks Federatsiyasi matbuot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, tashkilot raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov Osiyo Boks Konfederatsiyasining vitse-prezidenti etib tayinlangan.
Sherzod Toshmatovning OBK vitse-prezidenti bo‘lishi masalasi tashkilotning Abu Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida hal qilingan. Toshmatov bir vaqtning o‘zida ijroiya qo‘mitaning a’zosi ham hisoblanadi.
OBK rahbarlari 19—20-dekabr kunlari Shveysariyaning Lozanna shahrida bo‘lib o‘tadigan Havaskor Bokschilar Xalqaro Assotsiatsiyasi —AIBA yig‘ilishida ham qatnashadi.
Yig‘ilish davomida o‘zbekistonlik bokschi Hasanboy Do‘stmatovga “Yilning eng yaxshi charm qo‘lqop ustasi” sovrinini topshirish ham rejalashtirilgan. Qayd etish kerak, tashkilotning Twitter sahifasi o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra Do‘stmatov qozog‘istonlik Doniyor Yeleusinov hamda kubalik Robeysi Ramiresni katta farq bilan ortda qoldirgandi.
Izoh (0)