Rossiya iste’molchilar huquqlari himoyasi va inson farovonligi sohasidagi nazorat bo‘yicha federal xizmati (“Rospotrebnadzor”)ning Tuva Respublikasidagi boshqarmasi “Progress MS-04” kosmik kemasining ikkita bo‘lagi topilgan joyda yuqori darajada ion hosil qiluvchi nurlanish va kimyoviy xavfni aniqlamadi. Bu haqda respublika rahbari Sholban Kara-ool o‘z Facebook sahifasida ma’lum qildi, deb yozadi “RIA Novosti”.
“‘Rospotrebnadzor’ning Tuva bo‘yicha boshqarmasi Ulug-Xem tumanida ‘Progress MS-04’ kosmik kemasining ikkita bo‘lagi qulagan joyda — tog‘ yonbag‘ri va o‘tov yaqinida barcha o‘lchash ishlarini olib bordi. Bunda havodagi kimyoviy moddalarning miqdorini o‘lchaydigan tahlil qiluvchi uskunalardan foydalanildi, qor qatlamidan va ochiq buloqdagi suvdan tahlil uchun namunalar olindi. Har ikkala holatda ham yuqori darajada ion hosil qiluvchi nurlanish holatlari aniqlanmadi, havoda kimyoviy moddalar topilmadi”, — deyiladi xabarda.
Sholban Kara-ool hamyurtlaridan bo‘laklar qulab tushgan joydan topilgan metall buyumlarga tegmaslikni so‘radi.
Xalqaro kosmik stansiyaga uchirilgan “Progress-MS-04” kemasi 1-dekabr kuni kechqurun Tuva osmonida halokatga uchradi. Bo‘laklarning ko‘p qismi atmosferada yonib ketdi. Qolgan qismi Qizil shahridan 60—70 km uzoqlikka tushdi.
Izoh (0)