Kolumbiyada 29-noyabrga o‘tar kechasi bortida Braziliyaning “Shapekoense” futbolchilari bo‘lgan samolyotning halokatga uchrashi oldidan uchuvchi Mikel Kiroga havo harakati boshqarmasidan yordam so‘ragani va elektronika moslamalari ishdan chiqqani haqida gapirgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda, Mirror nashriga tayanib, “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
“GPS ishlamayapti, nima bo‘layotganini tushunmayapman. Elektronika moslamalari ishdan chiqdi, butunlay ishdan chiqdi! Yerga qo‘nish uchun koordinata beringlar! Radar bilan aloqa yo‘qoldi. Yerga qo‘nish uchun koordinata beringlar! Biz qulayapmiz. Uchish yo‘lakchasining koordinatalarini beringlar! Biz 300 metr balandlikdamiz”, – degan edi Kiroga aloqa uzilishidan avval.
Bundan tashqari, Futbolred nashrining qayd etishicha, havo kemasi ekipaji halokat oldidan yoqilg‘i yetishmovchiligi haqida ma’lum qilgan.
“Birinchilardan bo‘lib qo‘nishga so‘rov jo‘natyapmiz, yoqilg‘i bilan muammolar bor”, – degan uchuvchilardan biri.
Avvalroq Kolumbiyada halokatga uchragan Boliviyaning Lamia aviakompaniyasiga tegishli samolyotning ikkita “qora qutisi” topilgani haqida xabar berilgandi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)