Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqotda bo‘ldi. Bu haqda Britaniya hukumati rahbari devonxonasi ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
Devonxonaga ko‘ra, Mey va Tramp “AQSh hamda Buyuk Britaniya munosabatlari o‘ta muhimligi va ularga tayanish ikkisi uchun ham ahamiyatli bo‘lishi”ni ta’kidlagan. Bosh vazir Trampni “mashaqqatli kurashda erishilgan g‘alaba” bilan tabrikladi. Britaniya Yevroittifoqni tark etayotganligi munosabati bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo va investitsiya sohalaridagi aloqalarni yanada mustahkamlash istagini aytib o‘tdi.
Tramp Britaniya bilan tig‘iz va shaxsiy aloqalari mavjudligini ma’lum qilib, Vashington va London o‘rtasidagi chuqur munosabatlar faqat rivojlanib borishiga umid bildirdi. Suhbatdoshini Qo‘shma Shtatlarda imkon boricha tezroq ko‘rishishga chaqirdi.
Shu bilan birga, Britaniya OAVlari ikki davlat o‘rtasidagi “alohida munosabatlar” ta’kidlanganiga qaramay, Mey Tramp telefon orqali gaplashgan atigi o‘ninchi davlat yetakchisi bo‘lganiga e’tibor qaratdi. Bosh vazirga qadar AQShning saylangan prezidenti bilan Janubiy Koreya, Yaponiya, Misr, Avstraliya, Hindiston, Turkiya, Isroil, Meksika va Irlandiya yetakchilari suhbatlashishga ulgurgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.