Iroq hukumat kuchlari Mosulni IShID guruhidan ozod qilish bo‘yicha operatsiya boshidan buyon birinchi marta shaharning shimoliy dahalariga kirdi, deb yozadi “TASS” Al Jazeera telekanaliga tayanib.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, armiya As-Saada va Bauiza turar-joy tumanlarini nazorat ostiga oldi, Iroq harbiy-havo kuchlari IShID qurol-yarog‘lari saqlanadigan bir nechta omborxonalarni yo‘q qildi. Sharqdan aksilterrorchilik bo‘linmalari bronetank qismlari hamkorligida ekstremistlar qarshiligiga duch kelgan holda shahar markaziga qarab harakatlanishda davom etmoqda.
Iroq Kurdistoni hukumatidagi xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Masrur Barzoniy ma’lum qilishicha, IShID jangarilari portlovchi moddalar o‘rnatilgan uchuvchisiz uchar qurilmalar, shuningdek, zaharlovchi moddalar solingan uzoqqa uchuvchi o‘qlardan foydalanmoqda. Bundan tashqari, terrorchilar uylarga zanjirli reaksiya bo‘yicha portlaydigan mini-qopqonlar o‘rnatmoqda.
Ayni vaqtda Iroq federal politsiyasi Xamam-al-Alil tumani va yana ikkita aholi punktini nazorat ostiga olgan holda janubdan Mosul xalqaro aeroportiga qarab siljimoqda.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)