Pokistonning Bilujiston viloyatidagi Gadani shahrida joylashgan kemalarni utilizatsiya qilish zavodida ro‘y bergan portlash va kuchli yong‘in qurbonlari soni 26 kishini tashkil etmoqda. Bu haqda 6-noyabr, yakshanba kuni mahalliy rasmiylar vakillari ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.
Hodisa oqibatida 50 dan ortiq kishi jarohatlandi, ulardan ayrimlarining holati og‘ir ekanligi aytilmoqda. Portlash chog‘i temir-tersakka ajratish uchun qirqilayotgan kemada 100 dan ortiq kishi ishlayotgandi.
Eski kemalarni utilizatsiya qilish bo‘yicha kattaligi jihatidan dunyoda ikkinchi o‘rinda turadigan zavoddagi portlash 1-noyabr, seshanba kuni sodir bo‘ldi. Kemalardan birida qolgan yoqilg‘i gaz payvandlash asbobi qo‘llanishi tufayli alanga oldi. Politsiyaga ko‘ra, zavod hududida jami sakkizta portlash ro‘y berdi.
Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif fojia tafsilotlarini o‘rganish uchun maxsus komissiya tuzishni topshirdi.
Izoh (0)