Janubiy Koreyada odamlar o‘z dafn marosimini repetitsiya qilib olishi mumkin bo‘lgan tendensiya shakllanmoqda. Bu amaliyot haqida, The New York Times’ga asoslanib, TJournal hikoya qiladi.
Bunday xizmatni, masalan, Seuldagi Hyowon Healing markazi ko‘rsatadi, unga dafn marosimlarini tashkil etish bo‘yicha kompaniya moddiy yordam ko‘rsatadi. Dastur bepul bo‘lib, 2012-yildan beri birgina Hyowon Healing’ning xizmatidan 15 mingga yaqin odam foydalangan.
Ularning ba’zilari bedavo dardga yo‘liqqan bo‘lib, shu yo‘l bilan o‘limga tayyorlanishni istagan, boshqalari esa o‘z joniga qasd qilishga moyillik his qilib, to‘g‘ri yo‘lga qaytishga uringan. Yana bir guruh odamlar esa o‘z ishxonasidagi ishtiyoq uyg‘otuvchi loyihalar doirasida qatnashgan.
Dastur doirasida ishtirokchilar an’anaviy xrizantemalar bilan bezatilgan zalda ma’ruza tinglab, o‘rgatuvchi videoni tomosha qiladi. Shundan so‘ng ular vasiyatnoma yozib, tobutga yotadi.
Markazning qora libos kiyib olgan va “narigi dunyo elchisi” rolini o‘ynaydigan xodimi tobut qopqog‘ini yopadi. Tadbir qatnashchilari usti yopiq va to‘la qorong‘u tobut ichida 10 daqiqa yotadi.
Noodatiy tajribani boshdan kechirganlarning aksariyati o‘zini yangilangandek his qilganini ma’lum qilgan. Dasturdagi ishtirokiga qadar xayoliga o‘zini o‘ldirish haqida fikr kelavergan bir qiz tobut ichidagi 10 daqiqadan so‘ng yuragi urayotgani va o‘zini tirik his qilayotganini blogiga yozgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)