Nyu-yorklik fotosuratchi Miyo Kim “Dengiz onasi” nomli fotosuratlar seriyasida Janubiy Koreyadagi qo‘rqmas “suv parilari”ni aks ettirdi, deya xabar bermoqda TravelAsk.
Janubiy Koreyada bu ayollarni xenyo deb atashadi. Yoshi katta ayollar okeanda 20 metrgacha sho‘ng‘ib, mollyuskalar, dengiz tipratikanlari, bodringlari, kalmarlar va dengizning boshqa ne’matlarini yig‘ib chiqadi.
Ular bu ishni kislorod ballonlarisiz, suv ostida ikki daqiqagacha nafas olmay, ba’zan Koreya bo‘g‘ozining muzdek bo‘lib qolgan suvlarida bajarishadi.
Xenyolarning aksariyati 70 dan oshgan va ularning safi borgan sari qisqarib bormoqda. Chunki yosh koreyaliklar bunday mashg‘ulotga qiziqish bildirmay, o‘qish va ish joyi izlab, katta shaharlarga ketmoqda.
“Bu g‘avvos ayollar o‘ziga xos koreys merosini asrab-avaylaydi va ular o‘z yo‘nalishida yagonadir. Bu — xenyolarning so‘nggi avlodidir”, — deydi Kim Huffington Post nashriga bergan intervyusida.
“Xenyo” koreysdan tilidan tarjima qilinganida “dengiz ayoli” degan ma’noni bildiradi.
Bu og‘ir va murakkab ish milodning V asrida paydo bo‘lgan.
“Kuchsizlarning qo‘lidan xenyolik kelmaydi”, — deydi fotosuratchi.
“Shuning uchun ham Koreyada shunday deyishadi: ‘Xenyolar tiriklar olamida o‘liklarning ishini qiladi’”.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)