O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Tadbirkor qizning eng yaxshi loyihasi” tanlovining mamlakat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbir O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Markaziy bank, Mehnat vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Tadbirkor ayol” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda vazirliklar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan “Tadbirkor qizning eng yaxshi loyihasi” tanlovi qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, bu boradagi ilg‘or tashabbus va loyihalarini hayotga keng tatbiq etish, o‘zaro tajriba almashish imkonini beradi, deyiladi xabarda.
“Tanlov doirasida bir qator hamkor tashkilotlarning mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuzildi, — dedi Xotin-qizlar qo‘mitasi bosh mutaxassisi Inobat Karimova. — Har bir hududda kasb-hunar kollejlarini bitirayotgan qizlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi shtablar tashkil etildi. Ular tomonidan qizlar o‘rtasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bu borada qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish, yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Seminarlar davomida minglab bitiruvchi qizlar o‘zlarining biznes loyihalarini shakllantirdi”.
Mazkur tanlovning hududiy bosqichlarida “Ishlab chiqarish sohasidagi eng yaxshi loyiha”, “Servis sohasidagi eng yaxshi loyiha”, “Qishloq xo‘jaligi sohasida eng yaxshi loyiha” singari yo‘nalishlarda to‘rt yarim mingdan ortiq qiz o‘z biznes loyihasi bilan ishtirok etdi. Hududiy bosqichlarda yuqori baholangan 82 loyiha tanlovning mamlakat bosqichiga taqdim etildi.
Joriy yilda Olmaliq tibbiyot kasb-hunar kollejini tamomlagan oqqo‘rg‘onlik Diyora Sanaqulova ham mazkur tanlovda suli yormasidan non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion loyihasi bilan ishtirok etdi. U tijorat banklaridan olti yarim million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, oson hazm bo‘ladigan, tarkibida xolesterin moddasi bo‘lmagan non mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
Tanlov natijalariga ko‘ra “Ishlab chiqarish sohasidagi eng yaxshi loyiha”, “Servis sohasidagi eng yaxshi loyiha”, “Qishloq xo‘jaligi sohasida eng yaxshi loyiha” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib deb topilgan ishtirokchilar diplom, tijorat banklarining sertifikatlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E. Bositxonova so‘zga chiqdi.
Izoh (0)