Kanadalik mutaxassislar Ontario provinsiyasidagi Sen-Tomas muzliklariga qulagan meteoritni tekshiruvdan o‘tkazdi. Meteorit ichida ular kelib chiqishi sayyoramizga aloqasi bo‘lmagan mikroorganizmlar aniqladi. Harqalay, bunaqa hayot shakllari hozircha Yerda kuzatilmagan, deb xabar beradi “Hi-Tech.Mail.ru”.
World News Daily Report nashrining bildirishicha, ushbu mikroorganizmlar Yerdan tashqarida ham hayot mavjudligiga ilk dalil bo‘lishi mumkin. Sayyorashunoslik va fazo tadqiqotlari markazi direktori Piter Braunning so‘zlariga qaraganda, meteorit Yerga 18-mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:24 da qulagan.
Meteoritni Janubiy Ontario kameralari, shuningdek, Kanada atrof muhit boshqarmasi o‘rnatgan uskunalar qayd qildi. Voqea joyidan foto va videotasvirlarni NASA tarqatdi.
Braun hamkasbi, Kanada Yer haqidagi fanlar departamenti kuratori Fil MakKosland bilan birgalikda meteoritning parchalarini topib, uni qayta tikladi. Bo‘laklarni tahlildan o‘tkazish paytida ular ilgari uchramagan hayot shakllarini aniqladi.
“Biz mineral bo‘lak mikroskopik burushiqlar bilan qoplanganini ko‘rdik. Biz bular Marsda aniqlangan qandaydir yo‘qolib ketgan hayot shakllarining izlari bo‘lishi mumkin deb o‘yladik. Ko‘pgina organizmlar hali ham tirikligini aniqlaganimizda juda kuchli hayratga tushdik”, — dedi MakKosland.
Olimlar bir necha yuz namuna to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Ular kashfiyotni sir saqlab o‘tirish niyatida emas — tadqiqotchilar dunyoning turli chetlaridan mutaxassislarni jalb qilmoqchi. Ular yangi hayot shakllari o‘rganilguniga qadar ko‘p yillar o‘tib ketishi mumkinligini tan oladi.
NASA bosh direktori Charlz F. Bolden kanadalik olimlarga astronomik bilimlar rivojiga qo‘shgan alohida hissasi uchun tashakkur aytdi. U NASA ekspertlari meteorit ichidagi mikroorganizmlarni o‘rganishda ishtirok etishdan baxtli bo‘lishini bildirdi.
Izoh (0)