Tojikiston Ichki ishlar vazirligi mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Davlatali Saidovning 23 yoshli o‘g‘li — Faromuz Saidovga nisbatan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘adi. Bu haqda “KNews.kg” xabar bermoqda.
Tojikiston IIV matbuot kotibi Umarjoni Emomalining ma’lum qilishicha, jinoiy ish “Yo‘l harakati va transport vositasidan foydalanish qoidalarini buzish” moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atildi. Mazkur modda bo‘yicha ayblanganlar 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Xabarda qayd etilishicha, Faromuz Saidov ishtirokidagi avtohalokat 10-sentabr kuni sodir bo‘lgan. YTHda Faromuzning turmush o‘rtog‘i — 25 yoshli Hilola Rahimova hamda yo‘l nazoratchisi halok bo‘ldi. Saidovning o‘zi Qarabolodagi Milliy tibbiyot markazining neyrojarrohlik bo‘limida shifokorlar nazorati ostida bo‘lib turibdi.
Avvalroq Faromuzning onasi avtohalokat texnik sabablarga ko‘ra yuz berganini ma’lum qilgan edi.
“U yo‘lning boshqa tomoniga o‘tmoqchi bo‘lganida, mashina ruli boshqarilmas holatga kelib qoldi va u to‘qnashib ketdi. O‘g‘lim yaxshi tarbiya olgan, u mast holda bo‘lmagan. Biz YTHda halok bo‘lgan ikki kishining oilasiga yordam berishga tayyormiz”, — dedi Saidovning onasi.
Izoh (0)