Rossiya Ukraina bilan diplomatik aloqalarni butunlay uzishi mumkin. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Dmitriy Medvedev bayonot berdi, deb ma’lum qiladi “RBK”.
Yevrosiyo iqtisodiy kengashi hukumatlari rahbarlarining uchrashuvidan so‘ng bergan brifingida Medvedev “ma’lum voqealardan so‘ng” (Janubiy Osetiyadagi urush, 2008-yil) Rossiya Gruziya bilan aloqalarni uzganini eslatib o‘tdi.
“Men hammasi bunday yakunlanishini istamayman, ammo vaziyatga boshqacha ta’sir o‘tkazish variantlari qolmasa, prezident bunday qarorni qabul qilishi mumkin. Yakuniy qarorni mamlakat prezidenti qabul qiladi, davlatimizning tashqi siyosatini u yuritadi”, — ta’kidladi hukumat rahbari.
Diplomatik aloqalarning uzilishiga sabab bo‘lishi mumkin deb baholangan diversiya urinishini Medvedev “Rossiya davlatiga hamda Qrim yarim oroli hududida istiqomat qilayotgan Rossiya xalqiga qarshi jinoyat” deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, 10-avgust kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati 6–8-avgust kunlari Ukraina razvedkasi rejalashtirgan bir qator teraktlar va diversiyalarning oldi olingani, ko‘plab jangarilar qo‘lga olingani, yarim orolda Qrim foydasiga ishlayotgan agentlik tarmog‘i fosh etilganini ma’lum qildi. Ukraina tomoni tez orada bu ayblovlarni inkor etdi.
Izoh (0)