Toshkentda 12—16-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan birinchi Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha qiymati 2 milliard AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan 270 shartnoma imzolandi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Eksport qilinadigan mahsulotlarning 27 foizini sabzavotlar, 25 foizini uzum, 20 foizini mevalar, 17,6 foizini quritilgan va qayta ishlangan mahsulotlar, 8,4 foizini dukkakli mahsulotlar, 2 foizini qovun tashkil qildi. Yarmarka nihoyasiga yetgan bo‘lsa-da, shartnomalar tuzish ishlari davom etmoqda.
Xalqaro yarmarkada ho‘l va quruq mevalar, sitruslar, sabzavotlar, poliz ekinlari, dukkakli o‘simliklar, yong‘oqlar, ziravorlar, ichimliklar, qadoqlash texnologiyalari, sovutish uskunalari, transport va logistikaga oid ko‘plab bo‘limlar ishladi. O‘zbekiston meva-sabzavotchilik sohasi vakillarining mahsulotlari mamlakatning barcha viloyatlaridan kelgan 170 dan ortiq kompaniya ekspozitsiyalarida keng o‘rin egalladi.
I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida AQSh, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Fransiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston, Qozog‘iston kabi mamlakatlardan uch yuzdan ziyod ishbilarmon doiralar vakillari qatnashdi.
Izoh (0)