Olmaotada 18-iyul, dushanba kuni terakt yuz bergan barcha obyektlar odatdagi tartibda faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Olmaota Ichki ishlar departamentining rasmiy vakili Saltanat Azimbek ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
“Shahardagi vaziyat barqaror, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf yo‘q. Vaziyat huquqni muhofaza qilish organlari nazorati ostida. Barcha obyektlar odatdagi tartibda ishlamoqda”, — dedi u.
Azimbekning so‘zlariga qaraganda, 18-iyul, dushanba kuni kuchaytirilgan rejimga o‘tkazilgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari hozir odatdagidek rejimda xizmat o‘tamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 18-iyul kuni Olmaotada noma’lum shaxslar Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Olmaota shahar departamenti va shaharning Almali tumani politsiya departamenti binolariga hujum uyushtirgan edi. Oqibatda besh kishi, jumladan, uch nafar politsiyachi halok bo‘ldi. Sakkiz kishi yaralandi, ulardan olti nafari politsiya xodimidir.
Izoh (0)