Kaliforniya politsiyasi Mauntin-Vyu shahridagi Google shtab-kvartirasi hududiga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan va binolarning oynalariga o‘q uzgan erkakni hibsga oldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Huquq-tartibot organlarining ma’lumotlariga ko‘ra, 30 yoshli Kaliforniya fuqarosi Raul Dias 19-may kuni kechasi yonuvchan aralashmali shishani Google shtab-kvartirasi yaqinidagi avtoturargohda joylashgan avtomobilga uloqtirdi. Natijada yong‘in kelib chiqdi va mashina yengil zararlandi.
4-iyun kuni tunga yaqin Raul Dias Google’ga tegishli binolarning deraza oynalariga o‘q uzdi. Kompaniya xodimlaridan hech kim jabrlanmagan. 10-iyun kuni esa kompaniyaning yana bir mashinasini yoqib yubordi.
Huquq-tartibot organlari erkakni 30-iyun kuni qo‘lga oldi. Politsiya xodimlari uning mashinasini Google shtab-kvartirasi oldida to‘xtatdi va Diasning yonidan qo‘lbola portlovchi qurilmani topdi.
Google kompaniyasi vakillari bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan izoh bermadi.
Izoh (0)