Suriyada onasi bilan birga IShID jangarilari orasida yashagan shvetsiyalik 3 yoshli bolakay granata o‘ynayotib halok bo‘ldi. Bu haqda Shvetsiyaning SVT televideniyesiga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Uch yoshli bolakay granatani uyida topib olib, uni o‘ynadi va u portlab ketdi. Bolakayning vafotiga uning akasi guvoh bo‘ldi va u faqatgina jarohatlandi”, – deya ma’lum qildi SVT. Ammo SVT hodisa qachon sodir bo‘lganiga aniqlik kiritmadi.
Bolaning vafotidan so‘ng oila Shvetsiyaga qaytdi. Ular mamlakatga qaytganini hukumatga voqea bilan tanish bo‘lgan odamlar ma’lum qildi. Shundan so‘ng, bolalar ijtimoiy muhofaza xizmatiga topshirildi.
SVT bolakay o‘limining rasmiy tasdig‘ini olmagan.
Qayd etilishicha, ayol o‘z farzandlari bilan Suriyaga 2015-yili IShID guruhiga qo‘shilish uchun kelgan. Ona o‘z farzandlarining qurol bilan o‘ynayotgan suratlarini Facebook’dagi sahifasiga yuklagan.
Shvetsiya politsiya xizmatining taxminiga ko‘ra, IShID jangarilari orasida kamida 60 shvetsiyalik bolakay va 120 nafarga yaqin shvetsiyalik ayol va erkaklar bor.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)