107 nafar Nobel mukofoti sohiblari genetik modifikatsiyalangan organizmlarni himoya qilib maktub yozdi. Ular Greenpeace’ning GMOdan voz kechishga undab kelayotganiga noroziligini bildirdi, deb xabar bermoqda “RBK”.
“Biz Greenpeace va uning tarafdorlari butun dunyodagi fermerlar va iste’molchilarning tajribasini ko‘rib chiqishini, nufuzli ilmiy va regulyator tashkilotlar xulosalarini tan olishini hamda umuman GMOga va xususan ‘oltin guruch’ga qarshi kampaniyani to‘xtatishini talab qilamiz”, — deyiladi maktubda.
Olimlarning ta’kidlashicha, dunyoning ko‘p joylarida aynan biotexnologiyalar tufayli hosildorlik va oziq-ovqat sifati yaxshilandi.
Shuningdek, ular bu kabi masalalar ilmiy xulosalarga zid, hissiyotlar va dogmalarga asoslangan yondashuv bilan hal bo‘lmasligini ta’kidladi.
“Oltin guruch” — guruchning genetik modifikatsiyadan o‘tkazilgan turi bo‘lib, unda beta-karotin miqdori ko‘p bo‘ladi. Maktubda ta’kidlanishicha, bu mahsulot A vitamini tanqisligi oqibatlarini bartaraf etishga yordam beradi. YuNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, A vitamini tanqisligi oqibatida har yili 1–2 million kishi olamdan o‘tadi.
Izoh (0)