Florida shtati (AQSh) fuqarosi iPhone telefonini Apple’dan oldinroq yaratganini da’vo qilib, kompaniyani sudga berdi. Bu haqda The New York Daily News nashriga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Ixtirochi Tomas Ross 1992-yilda chizilgan nuxsalarni sudga taqdim qilib, yangi texnologiyalar bozoridagi inqilobiy qurilmani Stiv Jobsdan (Apple’ning sobiq rahbari) avval o‘ylab topganini isbotlamoqchi. Amerikalik ixtirochi kompaniyadan uning “g‘oyasini o‘g‘irlagani” hamda unga “pul bilan o‘lchab bo‘lmaydigan katta zarar yetkazgani” uchun kamida 10 milliard dollar tovon puli to‘lashini talab qilmoqda. Shuningdek, da’vogar kompaniyaning savdo hajmidan 1,5 foizi gonorar sifatida to‘lanishini talab qildi.
1992-yilda Tomas Ross o‘z ixtirosini ERD (Electronic Reading Device), ya’ni “o‘qish uchun elektron qurilma” nomi ostida patentlashtirgan. Uning shakli haqiqatdan ham iPhone’ga o‘xshaydi: to‘rtburchak shaklidagi gadjetning asosiy qismini ekran tashkil etadi. Biroq amerikalik muhandis o‘z ixtirosini patentlash uchun dastlabki to‘lovni amalga oshirmagan. Uning patent ishi 1995-yilda yopilgan. 12 yildan so‘ng, Stiv Jobs ommaga birinchi iPhone’ni taqdim qilganida, Ross AQSh patentlash idorasini uning ixtirosini tan olmagani uchun sudga berdi.
Apple kompaniyasining huquqshunosi Jeffri Lasker bunday shikoyatlar “asossiz va obyektiv isbotga ega emas” deb yozma ravishda bildirishnoma bergan.
Izoh (0)