Bangladesh aholisini jaziramadan qutqarish uchun Intel kompaniyasining mamlakatdagi filiali uylarga konditsionerlar — doim qo‘l ostida bo‘ladigan materiallardan tayyorlanib, elektr toki talab qilmaydigan “ekosovutgichlar”ni o‘rnatdi, deb yozadi Naked Science.
G‘aroyib ixtiro videosi may oyidayoq tarqalgan edi, ammo uning tafsilotlari endigina ma’lum bo‘ldi. “Ekokuler”ni yaratish g‘oyasi Amerika korporatsiyasiga bevosita aloqador bo‘lgan Grameen Intel kompaniyasi ishlab chiquvchilariga tegishli.
Bangladeshning Rajbari okrugida ko‘p kishilar elektr tokisiz yashaydi. Qishloq joylarda uylar rux bilan qoplangan tunukadan qilingan, havo harorati esa yozda bu yerda Selsiy bo‘yicha 45 darajagacha yetadi. Odamlar jazirama vaqtida faqat uydan tashqarida jon saqlashi mumkin.
Muammoni hal etish uchun ishlab chiquvchilar aylana teshiklardan iborat maxsus taxta yasadi. U uyning devoriga derazaga qo‘yiladigan chivin to‘ri sifatida ilinadi. Teshiklarga ikki bo‘lakka bo‘lingan plastik butilkalar joylanadi. Issiq havo butilkalar orqali o‘tib, uyga salqin holda kiradi. Haroratdagi farq unchalik katta emas (taxminan 5 daraja), ammo bu odamlarga uy ichida o‘tirish imkonini beradi.
Grameen Intel kreativ supervayzeri Ashiz Pol so‘zlariga ko‘ra, qizining fizika bo‘yicha repetitori bilan suhbatini tasodifan eshitib qolishi natijasida unda bunday g‘oya paydo bo‘lgan. Hozirda “ekokuler”lar Bangladeshdagi 25 mingta uyga o‘rnatilgan. Ishlab chiquvchilar o‘z ixtirosi uchun patent olmoqchi emasligini aytdi — g‘oyadan istagan kishi foydalanishi mumkin.
Izoh (0)