Rossiyalik Aleksandr Povetkin Butundunyo boks kengashi (WBC) versiyasi bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun kurashishini bildirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Meldoniy man etilganda uni iste’mol qilmay qo‘ygandim. U inson organizmidan qanchada chiqib ketishi oxirigacha o‘rganilmagan. Biz bu unvon va bu jang uchun kurashishda davom etamiz”, — deya ta’kidlagan Povetkin.
Doping-testida 70 nanogramm meldoniy topilgani uchun rossiyalik bokschining amerikalik Deontey Uaylderga qarshi 21-may kuni bo‘lib o‘tadigan jangi noma’lum muddatga qoldirilgandi. Uaylder vakillari jang bekor qilingani uchun 4,6 million dollar tovon puli talab qilishini ma’lum qilgan. Keyinroq WBC Uaylder – Povetkin jangi qoldirilgani uchun amerikalik bokschi ixtiyoriy himoya jangini o‘tkazishi kerakligini ta’kidladi.
Aleksandr Povetkin WBC chempionlik kamariga majburiy da’vogar sanaladi. U tashkilotning superog‘ir vazn toifasi reytingida birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Povetkinning “B” doping namunasida ham meldoniy borligi aniqlandi.
Izoh (0)