Qirg‘izistonning Asan Ariqboyev ismli fuqarosi amneziyaga chalingach, oradan 12 yil o‘tib diplomatlar va Qozog‘iston televideniyesi yordamida oilasini topdi. Bu haqda, Qirg‘iziston TIVga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Aytilishicha, 26-may kuni “Qozog‘iston” telekompaniyasi jurnalistlari Qirg‘izistonning Olmaotadagi bosh konsulligi va respublika janubi bo‘yicha Qirg‘iz Respublikasi TIV favqulodda va muxtor vakolatxonasi ko‘magida Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan ayolning 12 yil muqaddam Qozog‘iston hududida bedarak yo‘qolgan o‘g‘li bilan uchrashivini tashkil etdi.
Xotirasini yo‘qotgan yigit ijtimoiy tarmoqlar orqali Markaziy Osiyo respublikalari vakillariga murojaat etib, oilasini topishda yordam so‘ragan edi. “Aytug‘a onay” teleko‘rsatuvi jurnalistlari olib borgan tekshiruv natijasida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda istiqomat qiluvchi bir necha oila vakillari Ariqboyev bilan qarindoshligini tasdiqladi. DNK tahlili natijalariga ko‘ra qirg‘izistonlik ayol uning onasi ekanligini tasdiqlandi.
Qirg‘iziston bosh konsulligi Ariqboyevning o‘z yurtiga qaytishi uchun zaruriy yordam ko‘rsatilishini ishontirib aytdi.
Izoh (0)