Andijon davlat universiteti Fizika-matematika fakulteti talabalari O‘zbekiston Mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab, rangli suv to‘ldirilgan stakanlardan davlat bayrog‘ini yasadi. Bu haqda Facebook’dagi “Biz — buyuk yurt farzandlarimiz” guruhida videoxabar qoldirilgan.
Xabar berishlaricha, bayroqni tayyorlash uchun 0,7 tonna suv, 3412 dona plastik stakan, har xil rangli bo‘yoqlar kerak bo‘lgan. Bayroq o‘rtasida “25”, ostida esa “UZBEKISTAN” yozuvi bor.
Bayroqni tayyorlash uchun 12 kishi 14 soat davomida mehnat qilgan. Butun jarayon yuqoridan videoga olib turilgan. Videoxabarda 14 soatlik jarayon (tezlashtirilib) 1 daqiqa 45 soniyaga sig‘dirilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning turli burchaklarida mamlakat Mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab “Vatanimga dil izhori” aksiyalari o‘tkazilmoqda va uning ishtirokchilari tomonidan asosan 25 soni turli yo‘sinda aks ettirilmoqda.
Izoh (0)