9-may — “Xotira va qadrlash” kuni munosabati bilan “E-yoshlar.uz” loyihasining tashabbuskor talaba yoshlari tomonidan maxsus internet aksiyasi tashkil etilmoqda. Bu haqda “Daryo”ga loyiha vakillari ma’lum qildi. Aksiya tafsilotlari Facebook’dagi “Vmeste mi sila!” guruhida keltiriladi.
Aksiyaning asosiy maqsadi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari va aholining keksa vakillari holidan xabar olishdir. Uning doirasida video estafeta ham tashkil etiladi.
Davomiyligi 15–30 soniyadan iborat videolavhalarda:
- Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari va aholining keksa vakillari holidan xabar olinadi;
- “Biz sizlar bilan faxrlanamiz va doimo yodimizda tutamiz!” shiori ta’kidlanadi;
- yoshlar tengdoshlariga murojaat sifatida “Men xabar oldim, senchi!?” jumlasini chorlov sifatida targ‘ib etib, estafetani ijtimoiy tarmoqlarning boshqa foydalanuvchilariga yuboradi.
Jarayon mobil telefonlar yordamida tasvirga olinadi.
Estafetani 8–9-may kunlari ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borish va loyihada faol ishtirok etish imkoniyati bo‘ladi.
Bundan tashqari, tadbir doirasida “E-yoshlar.uz” sayti tomonidan joriy etilgan tabriknoma shaklidagi matnli va foto ishlanmalar ham barcha ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarga joylashtiriladi.
Izoh (0)