“Bunyodkor” klubi hujumchisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchi Dostonbek Hamdamov Osiyo futbol konfederatsiyasi yilning har choragida chop etadigan Osiyo futboli haqidagi jurnali qahramonlaridan biriga aylandi, deb xabar beradi O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati.
“Porlayotgan yulduz” sarlavhasi ostida chop etilgan maqolada “Bunyodkor” hujumchisining 2015-yil Yangi Zelandiyada bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida namoyish etgan yorqin o‘yinlari, futbolchining klubdagi faoliyati hamda orzusi haqida so‘z bordi.
2015-yilda Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi deya e’tirof etilgan 19 yoshli Hamdamov OFK rasmiy jurnaliga bergan intervyusida yoshlar o‘rtasidagi mundial haqida to‘xtalib o‘tdi.
“20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati biz uchun katta tajriba bo‘ldi. Biz mundialda o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni namoyish qilib, O‘zbekiston futboli saviyasini ko‘rsatishga intildik. Maqsadimiz ushbu yirik musobaqaning yarim finaliga qadar yetib borish edi. Afsuski, jamoa Senegalga mag‘lub bo‘ldi. Men diskvalifikatsiya sabab o‘sha o‘yinda ishtirok eta olmagandim. Men uchun bu juda og‘ir palla bo‘lgandi. Biroq, o‘sha chempionatdagi ikki voqeani boshqalardan ko‘ra yaxshiroq yodda saqlab qolganman. Birinchisi, nimchorak finalda Avstriyaga urgan ikkita golim. O‘sha gollar jamoaning chorak finalga yo‘l olishida muhim o‘rin tutgandi. Ikkinchisi esa Germaniyaga qarshi guruh bosqichidagi o‘yinimiz. Bu o‘yinda mag‘lub bo‘lganimizga qaramay, biz uchun katta dars vazifasini o‘tab bergandi”, – dedi Hamdamov.
Dostonbek Hamdamov Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida e’tirof etilgani borasida ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
“Osiyoda yilning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida e’tirof e’tilganim men uchun katta sharaf. Buni kutmagandim. Barcha nomzodlar “Bunyodkor” va O‘zbekiston U-20 jamoasi a’zolari bo‘ldi. Shunday ekan, bu yutuq faqatgina meniki emas, balki, men bilan shu yo‘llarni birga bosib o‘tgan jamoadoshlarimniki hamdir, deb hisoblayman”, – dedi iqtidorli yarim himoyachi.
O‘zining ayni vaqtdagi orzusi haqida so‘ralganida Dostonbek Hamdamov quyidagicha javob berdi.
“O‘tgan yil men uchun omadli va yaxshi voqealarga boy bo‘ldi. Ayni vaqtdagi maqsadim esa milliy terma jamoa safida 2018-yili Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga borishdan iborat. O‘zbekistonda har bir muxlis, har bir futbolchini mana shu istak bilan yashaydi. Umid qilamanki, milliy terma jamoa tarkibiga kira olaman va jamoaning Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqishida o‘z hissamni qo‘shaman”, – dedi Dostonbek Hamdamov.
Izoh (0)