O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Xalq ta’limi vazirligida “Korrupsiya – milliy xavfsizlikka tahdid” targ‘ibot tadbirlari doirasida xalq ta’limi sohasida korrupsiyaning oldini olish masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
Videokonferensaloqa imkoniyatlaridan foydalangan holda tashkil etilgan ushbu uchrashuvda Xalq ta’limi vaziri, o‘rinbosarlari, vazirlikning tarkibiy tarmoqlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari, oliy o‘quv yurtlari rektorlari, xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlari mudirlari ishtirok etdi.
Tadbirda Bosh prokuratura mas’ul xodimining xalq ta’limi sohasida qonuniylik holati, sohada korrupsiyaning oldini olish borasida 2015-yilda amalga oshirilgan chora-tadbirlar monitoringi tahlili natijalari haqidagi ma’ruzasi eshitildi, ushbu yo‘nalishdagi tadbirlarning sifatini yanada oshirish bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek, Bosh prokuratura tomonidan tayyorlangan korrupsiyani oldini olishga bag‘ishlangan videomateriallar namoyish etildi. Uchrashuvda Ichki ishlar vazirligi va Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi vakillari ham mavzuga doir ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Tadbir yakunida kelgusida profilaktik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi kompleks chora-tadbirlar belgilab olindi.
Izoh (0)