Dinozavrlarning yoppasiga qirilishi asteroid qulashidan ancha oldin boshlangan bo‘lib, bu dengiz va okeanlarda suv sathining ko‘tarilishi bilan bog‘liqdir. Bu Yerning kontinental qobig‘ini tashkil etgan yagona superqit’aning bo‘linib ketishiga hamda turlarning ajralib qolishiga sabab bo‘lgan. Britaniyalik olimlarning ushbu xulosalari Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etildi, deb xabar beradi “Gazeta.ru”.
Kris Venditti (Riding universiteti) boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi dinozavrlarning uch turini o‘rganib chiqib, ularning barida populyatsiya qisqarishi 66 million yil muqaddam Chiksulub asteroidining bugungi Meksika hududiga tushishidan ancha oldin boshlanganini aniqladi. Ilgari aynan shu tabiiy ofat dinozavrlar halokatiga sabab bo‘lgani taxmin qilinar edi.
Ammo olimlar Bayes metodi yordamida bundan oldin ham dinozavrlar populyatsiyasida o‘lim darajasi tug‘ilish darajasidan ancha yuqori bo‘lganini aniqladi. Modellash yo‘li bilan ular dengiz va okeanlarda suv sathining ko‘tarilishi, yagona qit’aning bo‘linib ketishi oqibatida bir-biridan ajralib qolgan dinozavrlarning ko‘payish sur’atiga jiddiy zarba berilgani haqida xulosa qildi.
Dinozavrlar sonining qisqarishiga boshqa omillar, jumladan, vulqonlarning otilishi ham sabab bo‘lgani ehtimoldan uzoq emas.
Izoh (0)