Saudiya Arabistoni rasmiylari, AQSh Kongressi 2001-yil 11-sentabridagi teraktlarga aloqadorlikda ayblab, mamlakat hukumatini sudga tortishga ruxsat beruvchi loyihani ma’qullagudek bo‘lsa, 750 milliard dollarlik AQSh aktivlarini sotib yuborish bilan tahdid qildi. Bu haqda The New York Times nashri ma’lum qildi, deb xabar berdi Forbes.
Saudiya tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr bu haqda Vashingtonga mart oyida qilgan tashrifi chog‘ida ogohlantirgan edi. U o‘shanda mamlakati AQSh sudlari tomonidan muzlatib qo‘yilishi xavfi tug‘ilgan taqdirda qiymati taxminan 750 milliard dollar bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar va boshqa aktivlarni sotishga majbur bo‘lishini bildirgandi.
The New York Times manbalariga ko‘ra, AQSh prezidenti ma’muriyati Kongress a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazgan va mamlakatga diplomatik hamda iqtisodiy xavf tug‘dirishi tufayli qonun loyihasini bekor qilishga ko‘ndirishga uringan.
Izoh (0)