Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasida 4-tur bellashuvlariga yakun yasaldi.
Turning markaziy o‘yinida mamlakat chempionligi uchun da’vogar bo‘lgan “Paxtakor” va “Nasaf” klublari maydonga tushdi va uchrashuvda g‘olib aniqlanmadi — 1:1. Kamoliddin Tojiyev tomonidan urilgan golga, mehmonlar safida Bobur Abduxoliqov javob qaytardi.
Bellashuvning 81-daqiqasida Javohir Sohibov qizil kartochka olib, maydonni tark etganiga qaramay, No‘mon Hasanov jamoasi durang natijani saqlab qola oldi.
4-turdan keyin bir yo‘la to‘rt klub 10 tadan ochko jamg‘argan va to‘plar nisbatiga ko‘ra turnir jadvalida quyidagi ketma-ketlikda joylashgan: “Lokomotiv”, “Nasaf”, “Bunyodkor”, “Qizilqum”. “Paxtakor” esa 8 ochko bilan “Metallurg”dan keyingi 6-pog‘onadan joy olgan.
Championat.asia ma’lumotiga ko‘ra, “Nasaf” Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi Oliy Liga doirasida 16 ta uchrashuv o‘tkazgan va shularning faqatgina 1 tasida g‘alaba qozongan, yana ikkita o‘yinda durang qayd etilgan. Qarshi klubi so‘nggi uch yil davomida Toshkentda “Paxtakor”ga mag‘lub bo‘lib kelayotgandi.
Qiziqarli tomoni, 2015-yilgi mavsumda Ilgiz Tantashev boshqarib borgan ikki o‘yinda “Paxtakor” raqiblarini mag‘lub eta olmagan. 11-aprel kungi “Nasaf”ga qarshi o‘yinda ham aynan Tantashev hakamlik qildi.
O‘zbekiston Oliy Ligasi 4-tur bellashuvi 11-aprel, dushanba
Izoh (0)