Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi bosh murabbiyi No‘mon Hasanovning fikricha, Eronning “Traktorsozi” klubi o‘z ishqibozlarining qo‘llab-quvvatlashi evaziga “Paxtakor”ni mag‘lub eta oldi. Bu haqda OFK rasmiy sayti xabar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, 6-aprel kuni futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi 4-tur bahslari doirasida Toshkentning “Paxtakor” jamoasi Eronda “Traktorsozi” klubi mehmoni bo‘ldi. O‘yin 2:0 hisobida eronliklar foydasiga hal bo‘ldi.
“Bugungi o‘yinda ‘Traktorsozi’ga omad kulib boqdi. Raqib ikkinchi bo‘limda umuman boshqacha o‘yin ko‘rsatdi, bunda jamoa ishqibozlarining hissasi ham katta. Keyingi uchrashuvda yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz”, — dedi “Paxtakor” bosh murabbiyi.
“Keyingi bosqichga chiqish uchun ‘Traktorsozi’da juda yaxshi imkoniyat bor. ‘Traktorsozi’ning zaxiradan maydonga tushgan futbolchilari o‘yinning borishini o‘zgartira oldi. ‘Traktorsozi’ — ajoyib ishqibozlari bor kuchli jamoa”, — dedi No‘mon Hasanov.
Izoh (0)