Rossiyaning Su-24 samolyoti uchuvchisi Oleg Peshkovni o‘ldirganligini tan olgan Alparslan Chelik Turkiya politsiyasi tomonidan qurol to‘g‘risidagi qonunni buzganligi uchun qo‘lga olingan. Bu haqda Dogan manbalariga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Chelik ustidan sud rossiyalik uchuvchi halokatiga aybdorlik emas, aynan mazkur qonun buzilishi yuzasidan bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, prokuratura Chelik bilan bog‘liq materiallarni o‘rganish chog‘ida u avval 2,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingani, biroq qandaydir sababga ko‘ra bu muddatni o‘tamaganini aniqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, so‘roq chog‘ida prokuror Chelikdan rossiyalik uchuvchi o‘ldirilishiga oid bayonotlariga izoh berishni so‘ragan, biroq ayblanuvchining advokati mazkur mavzu ishga aloqador emasligini bildirgan va Chelik savolga javob bermagan.
Eslatib o‘tamiz, Chelik va yana 13 kishi 30-mart kuni Izmirdagi restoranlardan birida qo‘lga olingan. Atrofdagilar guruhda qurol borligini payqab, bu haqda politsiyaga xabar bergan. Ularni qo‘lga olgandan so‘ng politsiya gumonlanuvchilar uyida tintuv o‘tkazgan va avtomat, bir necha to‘pponcha, ov quroli, ratsiyani musodara qilgan. Hozirda Chelik va uning sheriklari hibsda qolib, sudni kutmoqda. Himoya ularni aybsiz ekanliklarini ta’kidlamoqda.
Izoh (0)