Janubiy Koreya harbiylari 4-avgustdan boshlab Shimoliy Koreya bilan chegarada o‘rnatilgan radiokarnaylarni olib tashlashni boshladi. Bu haqda Koreya Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Ushbu radiokarnaylar shimolga qarata targ‘ibot eshittirishlarini olib borish uchun o‘rnatilgan edi.
Qurolli kuchlar shimolga eshittirish uchun mo‘ljallangan radiokarnaylarni olib tashlashni boshladi. Bu armiyaning jangovar qobiliyatiga ta’sir qilmaydi, janub va shimol o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirishga yordam beradigan amaliy chora bo‘ladi, dedi vazirlik rasmiy vakili o‘rinbosari Li Gyon Xo.
U Shimoliy Koreya bilan bu borada dastlabki kelishuv bo‘lmaganini aytdi. Li Gyon Xo 2-3 kun ichida barcha statsionar uskunalar demontaj qilinishini ta’kidladi. Chegara hududlarida 20 ga yaqin ovoz kuchaytirgichlar mavjud. Janubiy Koreya harbiylari hozirda KXDR o‘z karnaylarini olib tashlayotgani alomatlarini ko‘rmayapti.
11-iyun kuni Janubiy Koreyaning yangi prezident Li Chje Myon ushbu karnaylar orqali shimolga qarata olib borilgan targ‘ibotni to‘xtatishni buyurgan edi. Bunga javoban, Shimoliy Koreya ham o‘z tarafidagi shovqinli uzatishlarni to‘xtatdi.
21-iyulda esa Janubiy Koreya razvedkasi shimolga qarata ishlagan bir nechta radiosignallarni to‘xtatdi. Bu radiostansiyalar o‘n yillar davomida Shimoliy Koreya aholisiga murojaat qilib kelgan edi. Li Chje Myon, iyun boshida prezidentlik lavozimini egallaganidan beri, avvalgi rahbarlardan farqli o‘laroq, Pxenyan bilan muloqot tarafdori bo‘lib qolmoqda.
Izoh (0)