O‘zbekistonda davlat organlari hududlaridan kafe, mavsumiy savdo uchun haq evaziga foydalanish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 31-iyuldagi qarorida belgilandi.

Unga ko‘ra, 2025-yil 1-oktyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik subyektlari uchun o‘ziga tegishli bino va inshootlar hamda yer uchastkalariga tutash bo‘lgan, davlat organlari va tashkilotlariga doimiy foydalanishga berilgan aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yer uchastkalaridan (sog‘liqni saqlash, ta’lim va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tegishli yer uchastkalari bundan mustasno) umumiy mavsumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish uchun haq evaziga ijara huquqi asosida foydalanish tizimi joriy etiladi.
Hukumat qarori bilan umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga tegishli bino va inshootlarga hamda yer uchastkalariga tutash hududlardan tijorat maqsadlarida mavsumiy foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Norasmiy tarzda tijorat faoliyatini amalga oshirayotganlar xatlovdan o‘tkaziladi
Qarorda belgilanishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda IIV bilan birgalikda o‘ziga tegishli bo‘lmagan yer uchastkasida norasmiy tarzda tijorat faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlarining ro‘yxatini va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (joylashgan joyi, faoliyat turi, egallangan yer maydoni) ikki bosqichda xatlovdan o‘tkazadi:
- birinchi bosqich — barcha tuman (shahar)lardagi markaziy ko‘chalarda 2025-yil 1-sentyabrga qadar;
- ikkinchi bosqich — qolgan ko‘chalarda 2025-yil 1-oktyabrga qadar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda 2025-yil 1-oktyabrdan boshlab xatlov natijasida aniqlangan obyektlarning mazkur qarorda belgilangan tartibda qonuniy faoliyat yuritishi yoki hududning bo‘shatilishini ta’minlab boradi.
2025-yil1-oktyabrdan boshlab har yili 1-yanvarga qadar tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, kadastr, soliq idoralari takliflari asosida tuman (shahar) hokimlarining qarori bilan kelgusi yil uchun tuman (shahar) hududidagi aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yer uchastkalarida tijorat faoliyati obyektlarini joylashtirish sxemasi tasdiqlanadi.
2026-yil 1-fevralga qadar Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan reja-grafikka asosan quyidagi organlar tomonidan o‘z hisobidan tijorat faoliyati obyektlarini ko‘cha va binolarga mos arxitektura qiyofasida hamda aholi uchun qulay va xavfsiz qilib loyihalashtirishga doir yagona talab va tavsiyalar (dizayn-kod) ishlab chiqilib, tasdiqlanadi:
- hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari tomonidan — Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar bo‘ysunuvidagi shaharlar uchun;
- tuman (shahar) qurilish uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari tomonidan — boshqa aholi punktlari uchun.
Ijara shartnomalari Soliq qo‘mitasining ijara shartnomalarini hisobga olish elektron tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Ijara shartnomasiga asosan ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga tegishli hududga tutash bo‘lgan yoki undan 5 metr ko‘p bo‘lmagan masofadagi bo‘sh maydonlarni tijorat faoliyatini amalga oshirish uchun auksion savdolarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi.
Ijara shartnomasi qoida tariqasida 1 kalendar yil uchun (qarorda belgilangan tartibda uzaytirish huquqi bilan) tuziladi.
Ijara to‘lovi miqdori
Tijorat faoliyati uchun ijara huquqi asosida foydalanishga berilgan yer uchastkalarining har bir kvadrat metri uchun shartnoma muddatidan qat’iy nazar, yer solig‘i stavkasining 3 baravarigacha miqdorda ijara to‘lovi to‘lanadi. Bunda asos qilib olinadigan yer solig‘i summasi Soliq kodeksida belgilangan oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlari qo‘llangan va soliq imtiyozlari qo‘llanmagan holda hisoblanadi.
Ijara to‘lovi har yilgi yer solig‘ini to‘lash uchun belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
To‘lovdan tushgan pullar quyidagicha taqsimlanadi:
- 35 foizi — ijaraga beruvchining bank hisobvarag‘iga;
- 10 foizi — hududiy soliq boshqarmasining bank hisobvarag‘iga;
- 10 foizi — Kadastr agentligining Davlat kadastrlar palatasi hududiy boshqarmalarining bank hisobvarag‘iga;
- 10 foizi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmalari hamda Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi bank hisobvarag‘iga;
- 0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi g‘aznachilik xizmati qo‘mitasi maxsus hisobvarag‘iga.
Ijaraga oluvchi majburiyatlari
- Vaqtinchalik obyektlarni (qurilmalarni) tegishli hudud uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan dizand-kodga moslab o‘rnatilishi kerak.
- Ijaraga olingan yer uchastkasida kapital qurilmalar (bino va inshootlar) qurmasligi lozim.
- Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga zarar yetkazmaslik talab etiladi.
- Piyodalar yo‘laklarida harakatlanish uchun noqulaylik yaratmaslik zarur.
- Shuningdek, tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari erkin harakatlanishi va boshqa obyektlar faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslik talab etiladi.
Izoh (0)