Amerika yadro quroli iloji boricha tezroq Germaniya hududidan chiqarib ketilishi kerak. Shunday talab bilan 31-mart, payshanba kuni Germaniya muxolifati — So‘llar partiyasi va “yashillar” vakillari chiqish qildi, deb yozadi “TASS”.
“Biz yadrodan xoli bo‘lgan hududga muhtojmiz, va Germaniya ana shunday hududlardan biri bo‘lishi kerak, chunki odamlar o‘z tomorqasida atom quroli turishini istamaydi”, — dedi parlamentning “yashillar” fraksiyasi rahbari Anton Xofrayter. “Shu munosabat bilan federal hukumat AQSh bilan haligacha Germaniya hududida saqlanayotgan yadro kallaklarini chiqarib ketish haqida muzokaralar olib borishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Nashr ta’kidlashicha, 10 tadan 20 tagacha bo‘lgan yadro kallaklari sovuq urush davridan buyon Reynland-Pfals federal o‘lkasining Byuxel aholi punkti yaqinidagi aviabazaga joylashtirilgan.
Izoh (0)