Rossiya hukumati asosiy guruhning chiqarilishi haqida e’lon qilgandan so‘ng, Suriyadagi Rossiya samolyotlarining yarmiga yaqini mamlakat hududidan chiqarib ketilgan. Bu haqda Reuters agentligi ma’lumotiga tayanib, “RBK” xabar beradi.
Agentlikning baho berishicha, oxirgi ikki kun ichida Rossiya Suriyadan kamida 15 ta samolyotni chiqarib ketgan. Ular orasida Su-24 va Su-34 bombardimonchi samolyotlar, Su-30 qiruvchi samolyotlari va Su-25 hujum aviatsiyasi samolyotlari mavjud.
Sun’iy yo‘ldosh yordamida olingan suratlar tahlili, Rossiya Harbiy-kosmik kuchlarining havo zarbalaridan lavhalar va Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotiga asoslangan Reuters’ning ma’lumotiga ko‘ra, Latakiya viloyatidagi Xmeymim bazasida Rossiyaning jami 36 ta samolyoti bo‘lgan.
Bundan tashqari, agentlikning ta’kidlashicha, Rossiyaning Suriyadagi bazasida kamida 14 ta vertolyot va shunchaga yaqin uchuvchisiz uchar qurilmasi mavjud.
Izoh (0)