Ertaga, 15-mart kuni Toshkentning “Paxtakor” jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasi 3-turi doirasida Toshkentda Eronning “Traktorsozi” klubiga qarshi bahs olib boradi. Mazkur bellashuv oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Traktorsozi” bosh murabbiyi Amir Galenoi va darvozabon Muhammadrizo Akbarishod ishtirok etdi, deb xabar beradi “Paxtakor” klubi matbuot xizmati.
Amir Galenoi: “‘Paxtakor’ juda kuchli jamoa. Raqib Oliy Ligada mavsumni 2 ta g‘alaba bilan boshladi. Uchrashuv shiddatli kechishi aniq. Ertaga tezkorlik evaziga g‘alaba qozonishni istaymiz. Har bir o‘yinda gol urish uchun imkoniyat bo‘ladi. ‘Al-Jazira’ga qarshi safardagi o‘yinda bosim yaratib, gol urishga erishdik. ‘Paxtakor’ga qarshi ikki o‘yinda ochko olsak, guruhdan chiqish vazifasiga yaqin kelamiz”.
Muhammadrizo Akbarishod: “Osiyo Chempionlar Ligasini 2 ta g‘alaba bilan boshladik. Ertangi o‘yindagi g‘alaba bizga keyingi bosqichga chiqishda katta yordam berishi mumkin. Raqibni juda yaxshi o‘rganib chiqdik. Jamoaning hujum chizig‘idagi futbolchilar juda kuchli ekanini bilamiz. Ertaga himoyachilar bilan birga ularga gol urish imkoniyatini bermaymiz deb umid qilaman”.
Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” – “Traktorsozi” o‘rtasidagi uchrashuv 15-mart, seshanba kuni, Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida 17:00 da boshlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Osiyo Chempionlar Ligasi 2-turidan so‘ng “Traktorsozi” 6 ochko bilan “C” guruhida peshqadamlik qilmoqda. “Paxtakor” jamoasi 1 ochko to‘plagan holda 3-o‘rinni egallab turibdi.
Izoh (0)