Rejissor Rustam Sa’diyev O‘zbekistonda yashab o‘tgan mashhur tarixiy shaxslar haqida film suratga olish orzusi borligini ma’lum qildi. Bu haqda u “Bekajon” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Mablag‘ yaxshi bo‘lsa, kino qiziqarli chiqadi. Kostyumlar, dekoratsiyalar — hammasi mablag‘ga borib taqaladi. Yaxshi film ishlash uchun yaxshi maslahatchilar ham kerak. O‘zbekistonda yashab o‘tgan avliyolar haqida film olishni o‘ylayapman. Buyuk tabib Ibn Sino haqida ham bir yaxshi film ishlagim keladi”, — dedi Rustam Sa’diyev.
“Ha, Botir Zokirov va Baxtiyor Zokirov ishtirokida Ibn Sino haqida film olingan, lekin u boshqacha planda. Yangi film hayotga yaqin bo‘lsa, unda Ibn Sinoning faoliyati kengroq qamrab olinsa, deyman. Bu bir tomoni. Yana katta ulamo-avliyolar bor. Masalan, Bahouddin Naqshband. Terrorizm tahdid solayotgan bir paytda islom dini salohiyatini ana shunday buyuk tarixiy shaxslar timsolida ko‘rsatish foydadan holi bo‘lmasdi, deb o‘ylayman”, — dedi rejissor.
“Agar imkoniyat berilsa, shular haqida film olgan bo‘lardim. Bu ulkan bir orzu. Bir kun kelib u amalga oshadi, deb umid qilaman”, — deya qo‘shimcha qildi Rustam Sa’diyev.
Ma’lumot uchun, Rustam Sa’diyev so‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda katta shov-shuv ko‘targan “Sotqin” va “Baron” filmlari rejissori hisoblanadi.
Izoh (0)