2016-yilning 19—21-yanvar kunlari O‘zbekiston—AQSh siyosiy maslahatlashuvlarining oltinchi raundida ishtirok etish maqsadida Vashington shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya AQSh Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy Osiyo bo‘yicha katta direktori Piter Lavoy, davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Tomas Shennon, energetika vaziri o‘rinbosari Elizabet Shervud-Rendal hamda davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Nisha Desai Bisval bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Muzokaralar davomida turli sohalardagi munosabatlarning hozirgi holati aloqalarni har tomonlama rivojlantirish istiqbollari nuqtai nazaridan muhokama qilindi hamda ba’zi xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari AQShning qator vazirlik va idoralarida uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi.
Avvalroq Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qo‘shma Shtatlari davlat kotibining o‘rinbosari Hizer Higginbottom bilan uchrashgani xabar berilgan edi.
19-yanvar kuni esa O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston—AQSh siyosiy maslahatlashuvlarining oltinchi raundini o‘tkazgan edi.
Izoh (0)